Meliorativ tizimlar va inshootlarning texnik holati monitoringi bo’limi

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatida 1966-yilda **Melioratsiya boshqarmasi** tashkil etilgan. 1967, 1970–1974-yillarda viloyatlarda **Meliorativ tizimlar boshqarmalari** tashkil etilgan. 1981–1996-yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 1981-yil 27-iyuldagi №1393-sonli buyrug‘iga asosan Viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasi tarkibida **Viloyat Gidrogeologiya-meliorativ ekspeditsiyasi** tashkil etildi. 1996-yildan boshlab ushbu ekspeditsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlikka bo‘ysungan. 2003-yildan esa **Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari** huzurida faoliyat yuritib kelmoqda.

Respublikamiz sharoitida sug‘oriladigan maydonlardan samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi hosildorligini oshirish zarurdir. O‘zbekistonning asosiy daryolarida oxirgi yillarda suvlarning sho‘rlanish darajasi tobora ortmoqda. Bunga daryolarga ko‘p oqova, zovur suvlari va boshqa chiqindi suyuqliklar to‘kib yuborilishi sabab bo‘lmoqda. Tuproqning ikkilamchi sho‘rlanishi, zaxobning tuproq sathiga yaqinligidan ham yuzaga keladi. Eng avvalo sho‘rlangan zaxob yuqoriga ko‘tarilib, tuproqni sho‘rlanishiga olib keladi. Sho‘rlangan yerlarda meliorativ tadbirlarni bajarishga to‘la imkoniyatlar bo‘lmasa, tuproq tez orada kuchli sho‘rlanadi, unumdorligi pasayadi, hosildorligi kamayadi. Maxsus meliorativ tadbirlarni bajarmasdan sho‘rlangan tuproqlarda ekinlardan yuqori hosil olish mushkul va mumkin emas. Meliorativ mutaxassislarning fikricha, tuproq kuchsiz hamda o‘rtacha sho‘rlanganda, Respublika bo‘yicha salkam **1 mln. tonna paxta hosili** yo‘qotiladi. O‘zbekiston tuproqlarining yarmidan ko‘p qismi sho‘rlanganligini hisobga olsak, barcha meliorativ tadbirlar majmuiy bajarilsa va amalga oshirilsa, qo‘shimcha **1 mln. tonna paxta hosili** yig‘ib olish mumkin.

Suvda eriydigan tuzlar juda harakatchan bo‘lganligi sababli sho‘rlangan maydonlar o‘zgarib turadi. Tabiat va xo‘jalik sharoitlariga qarab sho‘rlangan yerlar maydoni qisqa muddat davomida ko‘payib yoki kamayib ketishi mumkin. Mutaxassislar tomonidan sho‘rlangan yerlar har xil guruhlarga bo‘lib chiqilgan va tuproqlarning meliorativ holati belgilangan. Misol uchun, Qarshi cho‘li tuproqlarining meliorativ holati A.M.Rasulov (1976 yil) tomonidan yaxshi o‘rganilgan. Qarshi cho‘lining tuproqlarining o‘zlashtirilishi va sug‘orilishi natijalarining ko‘rsatishicha, baʼzi bir tumanlarda tuproqlarning ikkilamchi sho‘rlanishi kuzatilmoqda. Buning oldini olish uchun yerlarning sho‘ri ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Unumsiz tuproqlar zovur tizimisiz sug‘orilganda gidrogeologik sharoitni salbiy tomonga o‘zgartiradi, zararli tuzlarni har tarafga harakatlantiradi hamda zaxob yuqoriga ko‘tariladi. Vujudga kelgan sharoitda tez orada mazkur dalalarda kollektor, zovurlar qurish tuproq sho‘rlanishini kamaytirishda ijobiy natija beradi. Bundan tashqari, tuproqda ikkilamchi sho‘rlanish paydo bo‘lishi zovurlarni tezkor qurish zarurligini tavsiya etiladi. Sho‘rlangan tuproqlarda kollektor va zovurlarni qurish yerlarni meliorativ holatini sog‘lomlashtirish, madaniylashtirish hamda tuproq unumdorligini oshirishni taʼminlaydi, tuproqning ishlab chiqarish qobiliyatini ijobiy tomonga o‘zgartiradi. Demak, sho‘r tuproqlarni melioratsiyalash tadbirlarini bajarish ekin hosilini oshiradi.

Meliorativ ekspeditsiyalarining asosiy vazifalari

  • Oʼz balansidagi davlat magistral, tumanlararo va xoʼjaliklararo kollektor, yopiq-yotiq drenaj tarmoqlarini ishchi holda boʼlishini taʼminlaydi va rivojlantiradi;
  • Meliorativ nasos stantsiyalari hamda vertikal drenaj quduqlarining ish rejimini belgilaydi va unga amal qiladi;
  • Sugʼoriladigan yerlarning meliorativ holati, yirik sugʼorish va kollektor-drenaj tarmoqlari suvining sifati boʼyicha monitoring olib boradi va tegishli hisobotlarni yuritadi;
  • Sugʼoriladigan yerlarning meliorativ holati kadastrini yuritadi va yerlarning meliorativ holatini, melioratsiya tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash va rivojlantirish boʼyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
  • Yer osti sizot suvlari sathi joylashuvi boʼyicha har 10 kunda kuzatishlar olib boriladi;
  • Sugʼoriladigan yerlardan (kuchli va oʼrtacha shoʼrlangan maydonlarda har 100 gektardan 16 ta, kam shoʼrlangan maydonlarda har 100 gektardan 10-12 ta nuqtada) tuproq naʼmunalari olinadi va laboratoriya sharoitida shoʼrlanganlik darajasi aniqlanadi;
  • Har bir fermerlar maydoni kesimida Geografik maʼlumotlar tizimi (MIS melioratsiya) bazasini yaratish, maxsus xaritalar tuzish.

Meliorativ ekspeditsiyalar quyidagi asosiy funksiyalarni amalga oshiradi:

  • Oʼz balansidagi magistral, tumanlararo va xoʼjaliklararo kollektor hamda yopiq gorizontal drenaj tarmoqlari, ulardagi meliorativ nasos stantsiyalari va agregatlarni, gidrotexnika inshootlarini, avtotransportlarni ishchi holda boʼlishini va belgilangan rejimda ishlashini taʼminlaydi;
  • Yerlarning meliorativ kuzatuv tizimini rivojlantirish va ishchi holatda saqlab, belgilangan tartibda monitoring olib boradi;
  • Yerlarning meliorativ holati, sugʼorish va drenaj tarmoqlari suvining sifati boʼyicha monitoring yuritish, geografik axborot tizimini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqishni tashkil etadi va joriy qiladi;
  • Sugʼoriladigan yerlarning meliorativ kadastrini tuzadi va ularning hisobotini olib boradi;
  • Klaster va fermer xoʼjaliklari tasarrufidagi kollektor tarmoqlarining texnik holatini oʼrganadi va ularni yaxshilash boʼyicha takliflar beradi;
  • Sugʼoriladigan yerlarning shoʼrlanish darajasini aniqlash ishlarini tashkil etish va ular asosida har bir yerdan foydalanuvchilarga shoʼrlangan yerlarning joylashuvi, shoʼr yuvish meʼyori boʼyicha tavsiyalar beradi va ularni shoʼr yuvishga tayyorlaydi hamda shoʼr yuvishning samaradorligi ustidan nazorat olib boradi;
  • Vertikal drenaj quduqlari ish tartibini rejalashtirish, ularga sharoitga qarab tuzatishlar kiritish, nazorat qilish va chiqarilgan suvlardan foydalanish hisobotini olib boradi;
  • Sugʼoriladigan yerlarning yer osti sizot va bosim suvlarining joylashish sathini mavjud kuzatuv tarmoqlari orqali muntazam oʼlchaydi va nazorat olib boradi;
  • Tasarrufidagi kollektor-drenaj tarmoqlari va boshqa meliorativ inshootlarni pasportlashtirish va qayta roʼyxatdan oʼtkazish ishlarini olib boradi;
  • Material-texnika resurslaridan, mablagʼlardan oqilona va maqsadli foydalanishni taʼminlaydi;
  • Tabiatni muhofaza qilish tadbirlari bajarilishini muvofiqlashtirish, ekspeditsiya balansidagi kollektor-drenaj tarmoqlarini toza saqlanishini taʼminlaydi;
  • Sugʼoriladigan maydonlarda suv va tuz muvozanati hisobotini olib boradi;
  • Sugʼoriladigan maydonlarda yer osti sizot suvlarining joylashishi sathi va shoʼrlanish xaritasini har yili 1-aprel, 1-iyun va 1-oktyabr holatiga tuzadi;
  • Meliorativ holati yomon yerlarni yaxshilash uchun loyihalash ishlarida qatnashadi, xoʼjaliklararo kollektor-drenaj tarmoqlarini taʼmirlashga, vertikal drenaj quduqlarini qurishga tavsiyanomalar beradi;
  • Sugʼoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʼyicha viloyatning kelgusi yil uchun va koʼp yillik hududiy dasturlarini shakllantirishda qatnashadi.

Meliorativ kadastr va sugʼoriladigan yerlarning meliorativ holati boʼyicha

  • Sugʼoriladigan yerlarning meliorativ holatini va melioratsiya tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash hamda rivojlantirish.
  • Meliorativ kadastrini tuzish va hisobotini yuritishi.
  • Sizot suvlari sathining sugʼorish (vegetatsiya) davridagi oʼrtacha chuqurligi jadvalini va xaritasini tuzish.
  • Sizot suvlari shoʼrlanganligining 1-iyulga boʼlgan holati jadvalini va xaritasini tuzish.
  • Tuproq shoʼrlanish darajasi boʼyicha jadvalini va xaritasini tuzish.
  • Meliorativ holatini tavsiflash xaritasi va jadvalini tuzish.
  • Meliorativ qoniqarsiz yerlardan asosiy qishloq xoʼjalik ekinlaridan olingan hosildorligi boʼyicha maʼlumotlarini yuritish.
  • Meliorativ qoniqarsiz yerlarni kelib chiqish sabablarini tahlil qilish.
  • Meliorativ tadbirlar amalga oshirilgan hududlarda (fermerlar kesimida) erishilgan samaradorlikni aniqlash.
  • Klaster va fermer xoʼjaliklariga yerlarni meliorativ holati va amalga oshiriladigan tadbirlar toʼgʼrisida tavsiyalar berish.
  • Meliorativ qoniqarsiz yerlar chizigʼiga tushgan xoʼjaliklararo, ichki xoʼjalik va yopiq-yotiq drenajlarni texnik holatini aniqlash.
  • Meliorativ qoniqarsiz yerlarni meliorativ holatini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar uchun loyiha smeta hujjatlarini tayyorlashga tavsiyanomalar berish.
  • Davlat dasturiga kiritilayotgan loyihalarni texnik tavsifnomasi (annotatsiya)ni ishlab chiqish va taqdim etish.

Qashqadaryo viloyatidagi meliorativ holat koʼrsatkichlari

Qashqadaryo viloyatida jami **522 609 gektar** sugʼoriladigan maydonlar mavjud boʼlib, ushbu maydonlardan sizot suvlarini olib chiqib ketish uchun **13 682,061 km** uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlari xizmat qiladi. Shundan **8 706,269 km** ochiq kollektorlar va **4 975,792 km** yopiq–yotiq drenajlardir. Sugʼoriladigan maydonlarning meliorativ holatini mavjud **3621 dona** kuzatuv quduqlaridan sizot suvlari sathi chuqurligi oʼlchanib, shoʼrlanganligi aniqlanganda, **519 680 gektar** maydondan yoki **22 722 nuqtadan** tuproq namunalari olinib, tahlil qilingan.

Meliorativ holat boʼyicha baholash:
  • **Yaxshi yerlar:** 305 150 gektar (58%)
  • **Qoniqarli yerlar:** 207 510 gektar (40%)
  • **Qoniqarsiz yerlar:** 9 950 gektar (2%)
Sizot suvlari shoʼrlanganligi boʼyicha:
  • 1 g/l gacha boʼlgan maydonlar: 126 700 gektar (24%)
  • 1-3 g/l gacha boʼlgan maydonlar: 86 620 gektar (17%)
  • 3 g/l dan yuqori boʼlgan maydonlar: 309 290 gektar (59%)
Tuproq shoʼrlanishi boʼyicha:

519 680 gektar maydonlardan, 22 722 nuqtadan olingan tuproq namunasini laboratoriyada tahlil qilinganda sugʼoriladigan maydonlarning shoʼrlanishi quyidagicha:

  • Shoʼrlanmagan maydon: 305 230 gektar (58%)
  • Kuchsiz shoʼrlangan maydon: 174 090 gektar (33%)
  • Oʼrtacha shoʼrlangan maydon: 34 630 gektar (7%)
  • Kuchli va juda kuchli shoʼrlangan maydon: 8 660 gektar (2%)
Sizot suvlari sathi chuqurligi boʼyicha:

Mavjud 3621 dona kuzatuv quduqlaridagi sizot suvlari sathi chuqurligi oʼlchanganda, sugʼoriladigan maydonlarning yer osti sizot suvlari sathi chuqurligi boʼyicha boʼlinganligi quyidagicha:

  • 1-1,5 metrgacha boʼlgan maydon: 80 gektar (0,02%)
  • 1,5-2,0 metrgacha boʼlgan maydon: 1 600 gektar (0,31%)
  • 2,0-3,0 metrgacha boʼlgan maydon: 77 480 gektar (14,83%)
  • 3,0-5,0 metrgacha boʼlgan maydon: 244 440 gektar (46,78%)
  • 5,0 metrdan past boʼlgan maydon: 199 020 gektar (38,06%)

2024-yil meliorativ ishlar natijalari

Sugʼoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun ishlab chiqilgan Davlat dasturi asosida **2024-yilda** viloyat boʼyicha jami quvvati **670,01 km** uzunlikdagi tizimli taʼmirlash-tiklash, hamda qurish va qayta qurish (rekonstruksiya) ishlari amalga oshirildi, natijada **18 656 gektar** maydonlarning meliorativ holatini yaxshilashga erishildi. Jumladan, **644,45 km** uzunlikdagi tizimli taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirilib, **18 266 gektar** maydonlarning meliorativ holati yaxshilandi. Shuningdek, **25,56 km** uzunlikdagi qurish va qayta qurish (rekonstruksiya) ishlari amalga oshirilib, **390 gektar** maydonlarning meliorativ holati yaxshilandi va qishloq xoʼjalik ekinlaridan yuqori hosil olish uchun zamin yaratib berildi.